Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotiga ko‘ra, shu yilning 1 yanvaridan 23 fevraliga qadar 23 davlatda qariyb 70,5 mingta vaboga chalinish holati qayd etilgan. Bemorlardan 808 nafari hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqida SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Garchi, fevral oyiga kelib, kasallanish ko‘rsatkichlari avvalgi oyga nisbatan 14 foizga kamaygan bo‘lsa-da, o‘lim darajasi bu davrda 32 foizga oshgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur epidemiya avj olishiga tabiiy ofatlar, iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, suv toshqinidan zarar ko‘rgan hududlarda infratuzilma yomonligi hamda tibbiy xizmatlardan foydalanish cheklangani kabi transchegaraviy omillar sabab bo‘lmoqda.
JSST hisobotida fevral oyida vaboga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish sur’ati oshgani qayd etiladi. Biroq bu hozircha global ehtiyojlarni to‘liq ta’minlash uchun yetarli emas.
Qolaversa, toza ichimlik suvi ta’minoti, sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish vabo epidemiyasini to‘xtatishning uzoq muddatga mo‘ljallangan yagona barqaror yechimi bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, vabo ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvol og‘irlashuvi va organizm suvsizlanishi bilan kechadigan o‘ta xavfli o‘tkir infeksion kasallik hisoblanadi.