AsosiyJamiyat

Tailandda og‘ir kasallikka chalingan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi

Tailandga ishlash maqsadida borgan fuqaro insultga chalinib, og‘ir jarrohlik operatsiyasini boshdan kechiradi.

'Tailandda og‘ir kasallikka chalingan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi'ning rasmi

3 mart kuni O‘zbekiston fuqarosi I.S. Tailandning Pattaya shahrida insultga chalinishi natijasida shoshilinch tarzda kasalxonaga yotqizildi

Vatandoshimiz og‘ir jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirdi. Amalga oshirilgan muolajalarga qaramay, bemor tanasining chap tomoni ishlamay qoldi. I.S. Tailandga ishlash maqsadida kelgan, ammo tibbiy sug‘urta olmagan, shuningdek, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini ham tuzmagan. Ushbu holatlar tibbiy xarajatlarni to‘lashda qiyinchiliklar sabab bo‘ldi.

Shunga qaramay, joriy yilning 28 mart kuni bemorning yaqinlari, do‘stlari va faol vatandoshlar sa’y-harakatlari bilan tibbiy xarajatlarni qoplash va "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasi samolyoti orqali bemorni oilasi bag‘riga qaytarish uchun zarur mablag‘ yig‘ildi.

Bunday holatlar ko‘payib borayotgani munosabati bilan mamlakatimizning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi O‘zbekiston fuqarolariga chet elga sayohat qilish yoki ishlash uchun ketayotganda tibbiy sug‘urta olish, shuningdek, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzish zarurligini eslatib o‘tadi. Ushbu chora-tadbirlar favqulodda vaziyatlarda himoya va zarur yordam olishda asqatadi.

Bosh konsulxona xorijda og‘ir ahvolda qolgan mamlakatimiz fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirmoqda. "Biz barcha fuqarolarni chet elda bo‘lish vaqtida o‘z salomatligiga e’tiborliroq bo‘lishga chaqiramiz", deyiladi diplomatik vakolatxona manbasida.

    Boshqa yangiliklar