AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o'tayotgan FIFA Jahon chempionati bahslarida o'zbekistonlik hakamlarga yana bir mas'uliyatli vazifa ishonib topshirildi.
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi ma'lum qilishicha, FIFA referisi Ilgiz Tantoshev boshchiligidagi hakamlar brigadasi musobaqaning "S" guruhidan o'rin olgan Shotlandiya va Marokash milliy terma jamoalari o'rtasidagi bahsni boshqaradi.
Uchrashuv 20 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 03:00 da start oladi.
Ilgiz Tantoshevga yon chiziqlarda xalqaro toifadagi hakamlar Andrey Sapenko hamda Timur Gaynullin yordam beradi.
Qayd etish joiz, o'zbekistonlik hakamlar so'nggi yillarda xalqaro maydonda faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Ilgiz Tantoshev FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi tasarrufidagi nufuzli musobaqalarda muntazam ishlab kelayotgan tajribali hakamlardan biri hisoblanadi.
Jahon chempionati kabi eng yirik futbol musobaqasida o'zbekistonlik hakamlar jamoasiga navbatdagi o'yinning ishonib topshirilishi mamlakat hakamlik maktabi uchun muhim e'tirof sifatida baholanmoqda.






