AsosiyJAMIYAT

Albaniya Birinchi xonimi oʻzbek milliy anʼanalari bilan tanishdi

Albaniya Birinchi xonimi o‘zbek xalqining milliy an’ana va urf-odatlariga alohida qiziqish bildirgan.

'Albaniya Birinchi xonimi oʻzbek milliy anʼanalari bilan tanishdi'ning rasmi

Albaniya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamda Albaniya Respublikasi Birinchi xonimi Armanda Begay oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan suhbat davomida tomonlar Oʻzbekiston va Albaniya xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni yanada mustahkamlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvdan soʻng tashkil etilgan madaniy dastur doirasida Armanda Begay oʻzbek amaliy sanʼati namunalari bilan tanishdi. Xususan, unga yogʻoch oʻymakorligi, qadimiy soʻzana kashtachiligi hamda anʼanaviy kulolchilik sanʼati namunalari namoyish etildi.

Dasturning eng yorqin qismlaridan biri milliy liboslar koʻrgazmasi hamda yurtimizning turli hududlariga xos jihatlarni aks ettirgan "Kelin salom" marosimi taqdimoti boʻldi.

Qayd etilishicha, Albaniya Birinchi xonimi oʻzbek xalqining milliy anʼana va urf-odatlariga alohida qiziqish bildirib, ularning chuqur tarixiy ildizlari, betakrorligi va nafosatini yuqori baholagan.

    Boshqa yangiliklar