Xitoy 8-aprelga qadar Qo‘shma shtatlarga qo‘ygan 34 foizlik bojlarni bekor qilmasa, 9-apreldan boshlab AQSh 50 foizlik bojlarni kuchga kiritadi. Bu haqda “DW” ma’lum qildi.
Trampning bildirishicha, bojlar masalasida Xitoy bilan hech qanday qo‘shimcha muzokaralar bo‘lmaydi. Ammo Tramp boshqa davlatlar bilan bojxona siyosati bo‘yicha muzokaralar “zudlik bilan” boshlanishi kerakligini aytgan. Lekin aynan qaysi davlatlar haqida gapirayotganini aniq aytmagan.
AQSh prezidentining Xitoy va boshqa ko‘plab mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga yangi boj joriy etish haqidagi qarori dunyo bo‘ylab siyosatchilar va iqtisodchilar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.
“Fond bozorlarida esa indekslar sezilarli darajada pasaygan. Neft narxlari ham keskin tushgan. Mutaxassislar butun dunyo bo‘ylab iste’mol narxlarining oshishini va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishini kutmoqda”, — deyiladi xabarda.
“dpa” agentligining ta’kidlashicha, Trampning yangi boj tariflarini joriy etish qarori uning savdo siyosatidagi eng tajovuzkor va eng katta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan qadam hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Tramp Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga 50 foizlik boj stavkasi joriy qiladigan bo‘lsa, mahsulotlarga umumiy boj stavkasi 104 foizga yetadi.