AsosiyJamiyat

Samarqandda 220 ta mulk ziyorat markazi uchun tortib olindimi?

Mazkur holatga Madaniy meros agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

'Samarqandda 220 ta mulk ziyorat markazi uchun tortib olindimi?'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda 220 ta mulk ziyorat markazi uchun tortib olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holatga Madaniy meros agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur ma’lumotlar yuzasidan Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6165-son farmoyishi qabul qilingan. Ushbu farmoyishga ko‘ra, Samarqand shahrining “Chokardiza” qabristonida joylashgan “Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish, majmua atrofidagi buyuk ulamolarning qabrlarni qayta tiklash, hududlarni obodonlashtirish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaxshilash orqali yirik ziyorat markazini tashkil etish rejalashtirilgan. 

Yuqoridagi farmoyishga asosan, “Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasining atrofini kengaytirish maqsadida 217 ta fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar-joy binolari buzilishi qayd etilgan.

Ushbu binolar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros obyekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilmagan. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi 5150-sonli qarorining 4-bandida moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishish belgilangan.

Bunda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar va obyektlar bo‘yicha loyihalar Agentlik tomonidan YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi orqali YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

2025-yilning 6-mart kuni Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 4-sonli yig‘ilishida ushbu masala atroflicha ko‘rib chiqilgan va yakuniy xulosa berilgan.

Kengash xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yilning 9-fevral kuni qabul qilingan 6165-sonli farmoyishi ma’lumot va ijro uchun qabul qilingan. 

Shuningdek, Samarqand shahrida joylashgan “Imom Moturidiy majmuasi”ning atrofini kengaytirish va ishlari yuzasidan taklif ma’qullangan.

Shu bilan birga, Ilmiy-ekspert kengashi bayonida Madaniy meros agentligi “Imom Moturidiy majmuasi” atrofini kengaytirish va obodonlashtirish loyihasi bilan Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga muvofiq YUNESKOning Umumjahon merosi markazini xabardor qilish choralarini ko‘rish belgilangan.

Bundan tashqari, hujjatda ushbu hududlarda olib boriladigan har qanday qurilish, obodonlashtirish ishlarining loyihalari o‘rnatilgan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi qat’iyan belgilab qo‘yilgan.

Mazkur hududda amalga oshiriladigan kengaytirish va obodonlashtirish ishlarining nazorati Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasiga yuklatilgan.

    Boshqa yangiliklar