Nafaqat O`zbekistonda balki Rossiya kinosi olamida ham ma`lum va mashhur Farhod Mahmudov ilk marta ijodga maktab davridanoq qadam qo`ygan. Ilk rolini “Bo`rilar” (“Volki”) nomli o`zbek filmida ijro etgan aktyor 17 yoshida S. A. Gerasimova nomidagi Rossiya davlat kinematografiya universitetiga o`qishga kiradi. Oliygohni tamomlab, teatrda faoliyat boshlaydi va turli fe`l-atvordagi rollar muallifiga aylandi. 2016 yil esa o`zbek filmlaridagi uzoq yillik tanaffusdan so`ng Rustam Sa`dievning “Baron” filmidagi roli bilan qaytdi. Rollari bilan har bir tomoshabinning e`tiborini tortib, ko`nglidan chuqur joy ola biladigan ijodkor, Rossiya Federasiyasida xizmat ko`rsatgan artist Farhod Mahmudov “Darakchi” mehmoni...
— Assalomu alaykum, xush kelibsiz!
— Xushvaqt bo`ling. O`zbegimning mehrga to`la nigohlarini ko`rib turganimdan men ham juda shodman. O`z uyimda, Vatanimda yurtdoshlarimni, yaqinlarimni ko`rgandagi his-hayajon va quvonchimni so`z bilan oddiy ifodalab bo`lmaydi.

— Har gal Vatanga qaytganda qanday hislarni tuyasiz? Nimalar ko`proq e`tiboringizni tortadi?
— Birinchi galda bu erda meni doim sog`inch bilan kutib oladigan ota-onam, yaqinlarim, qarindoshlarim bor. Kelishim bilan ularning bag`riga oshiqaman. Ular bilan diydorlashish mening eng birinchi vazifam va istagim bo`lgan. Katta oilaning farzandi bo`lganim uchun har birining xonadoniga borib, uchrashib chiqqunimcha ancha vaqt ketadi. Shuning uchun ba`zida, boshqa shaxsiy, ijodiy ishlarga vaqt ham topolmayman. Ha aytgancha, yana bir odatim bor, ya`ni samolyotdan tushishim bilan Toshkentning bebaho havosidan to`yib-to`yib nafas olaman. Uning isida bolaligim yashirin. O`sha paytda uzoq-uzoqllarda qolib ketgan jajji Farhodga aylanib qolgandek bo`laman go`yo.

— Rossiyada bo`lganingizda O`zbekistonni eslatib turuvchi narsalar haqida gapirsangiz...
— O`zbekiston doim mening qalbimda. U o`chmas izlar, xotiralab bilan menda yashaydi. Bundan tashqari u erda boshqa sohalarda faoliyat olib borayotgan hamyurtlarim bilan deyarli har kuni yuzlashib turaman, muloqotda bo`laman. Aynan biror bir buyum haqida gapiradigan bo`lsak, uyimda doim milliy libsolarimiz — chopon va do`ppilarim bor. Ularni har ko`rganda mehribon yurtdoshlarimni yodga olaman.
Suhbatning to`liq talqinini “Darakchi” gazetasining bugun sotuvga chiqqan 50-sonida o`qishingiz mumkin.





