AsosiyJamiyat

Lola Karimova Islom Karimov fondining ilk loyihasi haqida so`zlab berdi

Lola Karimova-Tillaeva o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish maqsadida asos solingan fondning birinchi loyihasi haqida ma`lum qildi. 

“Buxoro viloyati Qorako`l tumanida joylashgan ikkita umumta`lim maktab qayta ta`mirlash ishlaridan so`ng o`quvchilar uchun o`z eshiklarini ochdi. Mazkur maktablardagi kapital rekonstruksiya ishlari ‘Sen Yolg’iz Emassan’ Fondi tomonidan amalga oshirilgan edi, ammo otamning xotiralarini yodga olib va xolis niyatlarimiz ramzi sifatida ushbu xayrli ishni biz Islom Karimov Fondining birinchi loyihasi sifatida taqdim etmoqchimiz.

Besh gektarga teng umumiy maydonda joylashgan 5- va 43-sonli maktablarni ta`mirlash ishlari Fond tomonidan mazkur yilning may oyida boshlab yuborilgan edi. 1961 va 1980 yillarda qurilgan ikkala maktabning binolari juda eskirgan bo`lib, ancha yomon ahvolda edi. Qayta ta`mirlash ishlari binolarning devorlari va fundamentini mustahkamlashdan boshlab yuborildi. Qo`shimcha qilib majlislar va sport zallari, maktab hovlilarida futbol, voleybol, basketbol, gandbol va tennis maydonchalari barpo etildi.

341ta bola tahsil olayotgan 43-maktab uchun qo`shimcha 5ta o`quv sinflari qurib bitkazildi. Endi o`quvchilar qo`shni maktab sinflarida emas, balki o`z maktablarida bemalol dars o`tishlari mumkin. 711ta o`quvchiga ega 5-maktab uchun yangi gimnastika zali va oshxona barpo etildi.

Barcha korpuslarning devor va poydevorlari mustahkamlanib, xonalarni isitish va kanalizasiya tizimlari yangilanib, suv quvurlari va yong`in havfsizligi tizimi o`tkazildi.

Maktabdagi o`quv va ma`muriy xonalar zamonaviy mebellar bilan jihozlanib, kompyuter texnikalari bilan ta`minlandi. Kimyo, fizika, biologiya, informatika, mehnat xonalari ham zarur anjomlar bilan jihozlandi.

Shu fursatdan foydalanib, Islom Karimov Fondi nomidan barcha o`quvchi, murabbiy va ota-onalarni maktablarning ochilishi bilan chin dildan samimiy qutlayman. Barchamizga ma`lumki insonning kelajagiga poydevor aynan maktabda solinadi. Bu ikki maskan ko`plab iqtidorli yigit va qizlarni etishtiradi deb astoydil umid qilaman. Ta`lim jarayoni samarali kechishi uchun biz bu erda barcha qulay sharoitlarni yaratishga harakat qildik. Ushbu maktablar bitiruvchilari bilan hali butun O`zbekistonimiz fahrlanishiga tilakdoshman. Oq yo`l sizga, aziz bolalar!

Islom Karimov jamoatchilik xayriya fondiga O`zbekiston mustaqilligi asoschisi va birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasi va hayotda amal qilgan tamoyillarini abadiylashtirish maqsadida asos solingan.

Islom Karimov Fondining birlamchi vazifalari mamlakatimiz hamda horijda O`zbekistonning tarixiy, madaniy va adabiy merosini targ`ib qilishga mo`ljallangan dasturlarni amalga oshirishdan iboratdir.

Fond tomonidan yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga, oliy o`quv yurti va maktab murabbiylari hamda tibbiyot xodimlarining kasbiy malakalarini oshirishga yo`naltirilgan turli ilmiy-ma`rifiy, madaniy dastur va loyihalar amalga oshiriladi”,—deb yozdi Lola Karimova-Tillaeva.

Boshqa yangiliklar