AsosiyDunyo

Eron AQSH bazalariga zarba berishi haqida ogohlantirdi

Eron va AQSH 12 apreldan beri yadroviy muzokaralar olib bormoqda.

'Eron AQSH bazalariga zarba berishi haqida ogohlantirdi'ning rasmi

Eron mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda 4 may kuni Yaqin Sharqdagi Amerika bazalarini nishonga olib AQSHning har qanday harbiy harakatiga javob qaytarishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Al Arabiya nashri xabar berdi.

Agar bizga hujum qilishsa — urush e’lon qilishsa — kuch bilan javob qaytaramiz. Ularning manfaatlari va bazalarini nishonga olamiz. Eron qo‘shnilariga nisbatan hech qanday dushmanlik kayfiyatida emas. Biroq Vashington hujum uyushtirsa, AQSHning o‘sha qo‘shni mamlakatlarda joylashgan bazalari nishonga olinadi, dedi Aziz Nosirzoda 4 may kuni kechqurun efirga uzatilgan davlat telekanaliga bergan intervyusida.

Huddi shu kuni Eron o‘zining “Qassem Basir” deb nomlangan so‘nggi ballistik raketasini namoyish etdi. Bu qattiq yonilg‘ida ishlaydigan ballistik raketa bo‘lib, uning parvoz masofasi 1200 kilometrni tashkil qiladi.

Eron va AQSH 12 apreldan beri yadroviy muzokaralar olib bormoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp mart oyida Eron oliy yetakchisi Ali Xomanaiyga maktub yo‘llab, muzokaralar olib borishga chaqirgan va agar diplomatiya muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, ehtimoliy harbiy harakatlar haqida ogohlantirgandi.

G‘arb davlatlari, jumladan, AQSH uzoq vaqtdan beri Eronni yadro quroliga intilishda ayblab keladi. Ammo Tehron buni rad etib kelmoqda. 

    Boshqa yangiliklar