O‘zini Muhammad deb tanishtirib, ko‘plab odamlarni aldagan holda ularning pulini o‘zlashtirib olgan yigit Toshkentda qo‘lga olindi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyatida yashovchi shaxs odamlarga pulini qisqa fursatda ko‘paytirib berishini aytib, ijtimoiy tarmoqlar orqali ularni aldab kelgan. Uning yolg‘oniga mingdan ortiq odam aldangan.
Yigit o‘z izini yo‘qotish maqsadida turli viloyatlarda yashovchi odamlar nomiga olingan telefon va SIM kartalar, shuningdek, bank kartalaridan foydalanib kelgan. O‘g‘irlagan pullarini esa o‘z manfaati yo‘lida ishlatib yuborgan.
Uning aldoviga ishonganlar orasida navoiylik shaxs ham bor. U 7 mln so‘m pulini o‘z qo‘li bilan kibero‘g‘riga topshirgan. Aldanganini bilgach esa Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan.
Soxta treyder Navoiy viloyati Ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.