Ma’lum qilinishicha, 2025 yil noyabr-dekabr oylari hamda 2026 yil yanvar oyida ayrim propan import qiluvchi subyektlar tomonidan birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirish va mahsulot hajmini sun’iy ravishda kamaytirish holatlari aniqlandi. Bu esa bozorda narxlarning keskin oshishiga olib kelgan.
Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida propan narxi 21 foizgacha arzonlashtirildi.
Nazorat tadbirlari yakunida jami 31 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani e’tirof etildi. Shulardan 12 tasi birja savdolarida raqobatga zid muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirgani aniqlandi. Qolgan holatlarda esa narxlarni asossiz oshirish va mahsulotni qonunga zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotish holatlari qayd etilgan.
Ushbu holatlar yuzasidan Maxsus komissiya tomonidan jami 28,9 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash, shuningdek, asossiz olingan 34,1 mlrd so‘m mablag‘ni davlat byudjetiga qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shu bilan birga, kompaniyalarga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va bunday holatlarni takrorlamaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tiladi, mazkur qarordan norozi tomon Qo‘mita Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.






