Afg'onistonning Hirot viloyatida Tolibon ayollarning kiyinish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirmoqda. Bu haqda Zamon.uz ma'lum qildi.
Amu TV xabariga ko'ra, Tolibonning Ezgulikka buyurish va yomonlikdan qaytarish boshqarmasi jamoat joylarida “to'g'ri hijob” qoidalariga amal qilinishi yuzasidan yangi ko'rsatmalar bergan.
Tarqalgan hujjatda ro'molsiz, yuzi ochiq holda, tor kiyimlarda yoki pardoz bilan ko'chaga chiqqan ayollar axloq nazoratchilari tomonidan ushlanishi va maxsus muassasalarga yuborilishi mumkinligi qayd etilgan.
Shuningdek, ayollarning tashqi ko'rinishi uchun ularning erkak qarindoshlari ham javobgar hisoblanishi belgilangan. Qoidabuzarlik holatlari sud organlariga yuborilishi va huquqiy choralar ko'rilishi mumkinligi aytilgan.
Mahalliy manbalarga ko'ra, mazkur qaror Tolibon vakillari ishtirokidagi yig'ilishdan so'ng qabul qilingan. Yangi tartiblar 6 iyundan kuchga kirgani aytilmoqda.
So'nggi oylarda Hirotning bir qator hududlarida nazorat punktlari tashkil etilib, avtomobillar va taksiylar tekshiruvdan o'tkazilmoqda. Aholi vakillari nazoratchilar ayrim ayollarning kiyimlarini Tolibon talablariga mos emas deb baholayotganini bildirgan.
Tolibon 2021 yilda hokimiyatga qaytganidan beri ayollar va qizlarga nisbatan ko'plab cheklovlar joriy etgan. Xalqaro huquq himoyachilari ma'lumotlariga ko'ra, shu vaqt ichida ayollarning ta'lim olishi, ishlashi va jamoat hayotida ishtirok etishiga oid 100 dan ortiq cheklovchi qaror qabul qilingan.






