Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (Africa CDC) Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada davom etayotgan Ebola epidemiyasi 1976 yildan buyon qayd etilgan to'rtinchi eng yirik kasallik tarqalishi ekanini ma'lum qildi. Xorijiy nashrlarga tayanib Zamon.uz xabar berdi.
Tashkilot ma'lumotlariga ko'ra, kasallanish va o'lim holatlari soni bo'yicha mazkur epidemiya tarixdagi eng yirik Ebola o'choqlari qatoriga kirgan. Africa CDC vaziyatni "o'ta jiddiy" deb baholamoqda.
So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, ikki mamlakatda Ebola virusini yuqtirishning 397 ta holati tasdiqlangan. Kasallik oqibatida kamida 63 kishi hayotdan ko'z yumgan.
Epidemiyaning tarqalish zanjirini aniqlash va yangi holatlarning oldini olish maqsadida qariyb 10 ming nafar kontakt shaxs tibbiy kuzatuvga olingan. Ularning 4341 nafari Kongo Demokratik Respublikasida, 5009 nafari esa Ugandada qayd etilgan.
Mutaxassislar epidemiyaning keng tarqalishiga Bundibugyo shtammi sabab bo'layotganini bildirmoqda. Ushbu shtammga qarshi hozircha tasdiqlangan vaktsina yoki maxsus davolash usuli mavjud emas.
Shu bois bemorlarni izolyatsiya qilish, organizmdagi suyuqliklar muvozanatini tiklash, simptomatik davolash hamda og'riqni kamaytirishga qaratilgan palliativ yordam asosiy chora sifatida qo'llanilmoqda.
Afrika CDC ta'kidlashicha, maxsus terapiyaning mavjud emasligi epidemiyaga qarshi kurashni murakkablashtirmoqda. Shu sababli bemorlarning ahvolini doimiy nazorat qilish va qo'llab-quvvatlovchi davolash choralarini kuchaytirish o'lim holatlarini kamaytirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.






