Ijtimoiy tarmoqlarda Boysun Davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida zarafshon archalari tag qismidan kesib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli Kengdala o‘rmon bo‘limining “Shappa“, “Movirli“, “Qora buloq“, “Chorshanbi“ va “O‘rikli“ massivlarida olib borilgan nazorat tadbirlari davomida jami 53 tup turli diametrdagi Zarafshon archalari noqonuniy ravishda kesilgani, 3 tup archaga esa o‘sishdan to‘xtaydigan darajada zarar yetkazilgani aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur huquqbuzarliklar bo‘yicha o‘rmon xo‘jaligi xodimlari tomonidan vakolat doirasida chora ko‘rilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli qaroriga (14-ilova) muvofiq, ushbu holat yuzasidan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqildi.
Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori Bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobaridan ortiqligi sababli mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.