Yevropaning navbatdagi sanksiyalari ro‘yxatiga O‘zbekiston ham tushishi mumkin.
Bloomberg agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 14 may kuni Rossiyaga qarshi 17-sanksiyalar paketini rasman kelishib olishi kutilmoqda. Bu cheklov choralari, asosan, Ukrainadagi harbiy harakatlar bilan bog‘liq holda joriy etilayotgani qayd etilgan.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur sanksiyalar nafaqat Rossiya kompaniyalari va tashkilotlarini, balki uchinchi davlatlarda joylashgan, Rossiyaga aylanma yo‘llar orqali yordam berayotgan deb gumon qilinayotgan korxonalarni ham qamrab oladi.
Bloomberg’ga ko‘ra, sanksiyalar doirasida 149 ta neft tankeriga nisbatan cheklovlar joriy etilishi kutilmoqda. Ushbu tankerlar “Rossiyaning soya floti”ga mansub deb hisoblanadi.
Shuningdek, rasmiylarning aytishicha, BAA, Turkiya, Serbiya, Vetnam va hatto O‘zbekistonda joylashgan ayrim kompaniyalar ham sanksiya ro‘yxatlariga kiritilishi mumkin.
Bu kabi qaror Yevroittifoqning sanksiya mexanizmlarini yanada qattiqlashtirayotgani va Rossiyaga qarshi iqtisodiy bosimni kuchaytirish niyatida ekanini ko‘rsatadi.
Ayni damda O‘zbekiston rasmiy idoralari ushbu masala yuzasidan hech qanday izoh bermagan.
Abdulloh Sayyid