AsosiyBu qiziq

Britaniya bosh vaziriga aloqador uylar yoqib yuborildi

Mazkur hodisada Ukraina fuqarosining qo‘li borligi aytilmoqda.

'Britaniya bosh vaziriga aloqador uylar yoqib yuborildi'ning rasmi

Londonda 21 yoshli Ukraina fuqarosi R. Lavrinovich Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerga aloqador uylar va avtomobilni ataylab yoqib yuborganlikda gumonlanmoqda. Hozircha jinoyatning sabablari noma’lum.

Buyuk Britaniyaning “BBC News” nashrining xabar berishicha, 21 yoshli Ukraina fuqarosi Roman Lavrinovichga bosh vazir Kir Starmer bilan bog‘liq ikki uy va bir avtomobilni ataylab yoqib yuborganlik aybi qo‘yilgan.

London politsiyasining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi 13 may kuni janubiy-sharqiy Londondagi Sidenxem tumanida qo‘lga olingan.

Lavrinovich uchta epizod — ikki uy va bir avtomobilga o‘t qo‘yish orqali inson hayotiga xavf tug‘dirganlikda ayblanmoqda. Jinoyat motivlari hozircha oshkor etilmagan.

Politsiya tergoviga ko‘ra, ushbu voqealar o‘tgan hafta — 11 va 12 may kunlari sodir bo‘lgan. Dastlab, Londonning shimolidagi Kentish-Toun tumanida avtomobil yoqib yuborilgan, so‘ngra bosh vazir Starmer istiqomat qilgan xonadon, undan keyin esa Starmer ilgari yashagan yana bir uyda yong‘in sodir bo‘lgan.

Yong‘in oqibatida eshiklar va bino fasadlariga zarar yetgan, ammo hech kim tan jarohati olmagan.

Ma’lumot uchun, Kir Starmer va uning oilasi 2024-yil iyulidan beri Londondagi Dауning-stritdagi rasmiy bosh vazir qarorgohida yashab kelmoqda. Yong‘in sodir bo‘lgan uylardan biri hozirda ijaraga berilgan.

“Bu faqat bizga emas, balki butun jamiyatimizga, demokratiyaga va biz himoya qiladigan qadriyatlarga qilingan hujumdir”, — deya bayonot berdi Kir Starmer.

Politsiya hozirda voqealarning boshqa tafsilotlari ustida ish olib bormoqda. Tergov davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar