1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi O'zbekistondagi Islam sivilizatsiyasi markazida mamlakatdagi ilk interaktiv bolalar muzeyi faoliyati yo'lga qo'yildi.
Tantanali marosimda so'zga chiqqan Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mazkur loyiha yosh avlodni ilm-fanga qiziqtirish, milliy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini ta'kidladi.
Uning qayd etishicha, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Markaz faoliyatining asosiy vazifalaridan biri yoshlarni ma'rifatli va bilimli etib tarbiyalashdan iborat.
Tadbirda Buyuk Britaniyaning "1001 Inventions" tashkiloti prodyuseri Ahmed Salim ham ishtirok etdi. U o'z nutqida o'zbekistonlik bolalarni buyuk allomalar merosidan ilhom olishga chaqirib, kelajakda yangi kashfiyotlar muallifi bo'lishga da'vat qildi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri o'rinbosari Azizbek Turdiev Markazning yoshlar uchun muhim ilmiy-ma'rifiy maskan ekanini ta'kidlab, bu erda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.
Ma'lum qilinishicha, yangi bolalar muzeyi 7 yoshdan 12 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun mo'ljallangan bo'lib, u tarix, innovatsiya va STEM yo'nalishlarini qamrab olgan to'rtta maxsus pavilondan tashkil topgan.
Ekspozitsiyada tashrifchilar interaktiv animatsiyalar, sensorli ekranlar, buyuk allomalarning raqamli avatarlari, sun'iy intellekt asosida yaratilgan animatsion film hamda turli ilmiy-amaliy laboratoriyalar bilan tanishishi mumkin.
Loyihaning eng qiziqarli qismi sifatida Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Mirzo Ulug'bek, Ali Qushchi va Ibn Sino merosiga bag'ishlangan interaktiv stansiyalar tashkil etilgan. Ularda bolalar mantiqiy fikrlash, astronomiya, fizika, tibbiyot va zamonaviy texnologiyalar bo'yicha amaliy tajriba ortirish imkoniga ega bo'ladi.
Ta'kidlanishicha, muzey xalqaro bolalar xavfsizligi standartlari asosida jihozlangan. Barcha axborot materiallari va yo'riqnomalar o'zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etilgan.
Ochilish marosimida respublika ommaviy axborot vositalari va bloggerlar ham ishtirok etdi.










