Radiotoʻlqinlarni yutib, uchuvchisiz uchish apparatlarini radarlar uchun deyarli “koʻrinmas” holatga keltiruvchi maxsus qoplama ishlab chiqildi. Bu haqda bir qator xorijiy nashrlar xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, material odatiy qoplamalar kabi signalni qaytarmaydi. Aksincha, radiotoʻlqinlarni yutib, uni issiqlik energiyasiga aylantiradi. Bu esa dron yoki boshqa obyektni radiolokatsiya tizimlari orqali aniqlashni ancha murakkablashtiradi.
Texnologiyani ishlab chiqqan kompaniya turli chastota diapazonlari uchun qoplamaning uch xil turini taklif qilmoqda. Jumladan, C105 versiyasi X va Ku diapazonidagi radarlarga qarshi himoyani taʼminlaydi. C112 modeli esa S va C diapazonida ishlovchi tizimlarga qarshi moʻljallangan. Universal hisoblangan C113B turi har ikki diapazonni ham qamrab oladi.
Qoplamani yuzaga surtish uchun maxsus sanoat infratuzilmasi talab qilinmaydi. Ishlab chiqaruvchi mahsulotni 1, 5 va 10 kilogrammlik idishlarda taklif etayotgani uni amalda qoʻllashni yanada yengillashtiradi.
Maʼlum qilinishicha, qalinligi 0,40–0,60 millimetr boʻlgan qoplama qaytgan signal darajasini 3–3,5 detsibelgacha pasaytirishi mumkin. Bu esa signal quvvati taxminan ikki barobar kamayishini anglatadi.
Qoplamaning har bir kvadrat metr uchun ogʻirligi 1,1 kilogrammdan oshmaydi. Material 250 darajagacha boʻlgan haroratda 100 soat davomida oʻz xususiyatlarini saqlab qoladi. Shuningdek, u uzoq muddatli tebranishlarga chidamli boʻlib, tuzli tuman sharoitida 2000 soatlik sinovlardan ham muvaffaqiyatli oʻtgan.
Mutaxassislar fikricha, bunday texnologiyalar dengiz va sohilboʻyi obyektlarida, shuningdek, harbiy va sanoat sohasida keng qoʻllanilishi mumkin.






