AsosiyJAMIYAT

Mirziyoyev Gonkong bilan vizasiz tartib joriy etish masalasini muhokama qildi

Bildirilishicha, uchrashuv avvalida Li Szyachao davlat rahbariga Xitoy Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

'Mirziyoyev Gonkong bilan vizasiz tartib joriy etish masalasini muhokama qildi'ning rasmi

Bugun, 4 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasining Syangan (Gonkong) maxsus ma'muriy hududi Administratsiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati ma'lum qildi.

Bildirilishicha, uchrashuv avvalidida Li Szyachao davlat rahbariga Xitoy Raisi Si Sszinpinning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralar chog'ida O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, Gonkong bilan hududlararo almashinuvlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar keyingi yillarda O'zbekiston – Xitoy munosabatlari misli ko'rilmagan darajada mustahkamlanganini qayd etdi. Shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.

Xususan, may oyida Pekin shahrida Hukumatlararo komissiya yig'ilishi, Sian shahrida uchinchi Hududlararo forum bo'lib o'tgani, Gonkongda iqtisodiy forum va sanoat ko'rgazmasi tashkil etilgani hamda O'zbekiston Savdo uyi ochilgani qayd etildi.

Uchrashuvda O'zbekiston hududlari bilan Gonkong o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Toshkent shahriga Gonkong ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat yirik delegatsiya tashrif buyurgani mazkur yo'nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi mumkinligi ta'kidlandi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ta'lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarni yo'lga qo'yish hamda konsullik xizmatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi kompleks hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Tomonlar “yashil” energetika, qishloq xo'jaligi, biotexnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, fintex, innovatsion startaplar va sun'iy intellekt sohalarini hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari sifatida belgiladi.

Muzokaralar yakunida ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo'yicha qo'shma “yo'l xaritasi”ni qabul qilish, Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda yaqin vaqt ichida O'zbekiston va Gonkong o'rtasida ikki tomonlama vizasiz tartibni joriy etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Boshqa yangiliklar