Yaponiya poytaxti Tokio shahrida jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, besh nafar o‘zbekistonlik erkak hibsga olindi. Bu haqda “Tokyo Reporter” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilning oxirlaridan boshlab ular Shibuya va Shinjuku hududlarida bir nechta jinoyatlarga qo‘l urganlikda gumon qilinmoqda.
30-dekabr kuni Shibuya tumanida 21 yoshli Hasanboy Do‘smatov va uning to‘rt nafar sherigi uch nafar chet ellikka hujum qilgan. Do‘smatov ulardan birining yuziga tepgan va umumiy qiymati 210 ming iyena (taxminan 1400 AQSH dollari) bo‘lgan sumka va hamyonlarni olib qochgan.
Politsiya ularni bosqinchilik va tan jarohati yetkazish aybi bilan qo‘lga oldi. Do‘smatov hozircha tergovchilarga ko‘rsatma bermayapti. Boshqa to‘rt gumonlanuvchi esa ayblovlarni rad etmoqda.
Hibsga olinganlardan to‘rt nafari, jumladan Do‘smatov ham, Yaponiyada noqonuniy yashab kelgani aniqlangan. Politsiya ularning ko‘chada uxlayotgan odamlarni nishonga olgan holda talonchilik bilan shug‘ullangan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Shuningdek, ular o‘g‘irlangan kredit kartalari orqali iPhone xarid qilib, ularni sotish orqali 8 million iyena (55 ming dollardan ortiq) daromad qilganlikda gumon qilinmoqda.
Tergovchilarga ko‘ra, Do‘smatov jinoyatchilar guruhiga rahbarlik qilgan. U Telegram orqali jinoyatlarni amalga oshirish vaqtlari haqida buyruqlar yuborib turgan.