AsosiyJAMIYAT

Samarqandda ishsizlik va kambag‘allik yuqori bo‘lgan hududlar rivojlantiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 iyun kuni Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

'Samarqandda ishsizlik va kambag‘allik yuqori bo‘lgan hududlar rivojlantiriladi'ning rasmi

Yig'ilishda Bulung'ur, Narpay, Oqdaryo, Paxtachi, Qo'shrabot, Kattaqo'rg'on tumanlari hamda Kattaqo'rg'on shahrining iqtisodiy salohiyati muhokama qilindi. Qayd etilishicha, mazkur hududlarda aholi soni ko'p bo'lishiga qaramay, yuqori daromadli ish o'rinlari yetarli emas. Shuningdek, ayrim tumanlarda ishsizlik va kambag'allik darajasi yuqoriligi saqlanib qolmoqda.

Shu munosabat bilan hududlarni aniq ixtisoslashuv asosida rivojlantirish taklif etildi. Xususan, Bulung'ur, Qo'shrabot, Paxtachi va Kattaqo'rg'on tumanlari qishloq xo'jaligi, chorvachilik va bog'dorchilik markazlariga aylantiriladi. Bu hududlarda qator yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Narpay tumani va Kattaqo'rg'on shahri sanoat hamda xizmat ko'rsatish sohalarining o'sish nuqtasi sifatida belgilandi. Narpayda 100 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etilib, umumiy qiymati 500 million dollarlik yuqori qo'shilgan qiymatga ega loyihalar joylashtiriladi. Loyihalarga Yaponiyaning yirik kompaniyalarini jalb qilish rejalashtirilgan.

Oqdaryo tumani esa parrandachilik, to'qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashtiriladi.

Yig'ilishda Samarqand viloyatining turizm salohiyatini kengaytirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Shu maqsadda Samarqand shahri tarixiy markazidagi 13 ta ko'chani piyodalar hududiga aylantirish va yangi turizm ob'ektlarini tashkil etish tashabbusi qo'llab-quvvatlandi.

Shuningdek, "Ohalik – Oqbo'yro – Mironqul" turistik-rekreatsion zonasini kengaytirish, Imom Moturidiy yodgorlik majmuasi atrofini obodonlashtirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha vazifalar belgilandi.

Yig'ilish yakunida Prezident har bir tumanda mavjud imkoniyatlardan to'liq foydalanish, yangi ish o'rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va hududlar o'rtasidagi iqtisodiy tafovutni qisqartirish bo'yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar