Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davomida 1,4 mlrd so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘irlagan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “P.G.O.” MCHJ rahbari U.X. jamiyatga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompress shoxobchasining gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatish orqali 1,4 mlrd so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov davomida jamiyat tomonidan yetkazilgan zarar to‘liq undirilishi ta’minlandi.