Ushbu dronlarning har biri alohida funksiyaga ega bo‘lib, ularning biri 12 ming fut balandlikka ucha oladi.
Joriy yilning 22-may kuni Eron armiyasi quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari — general Nozar Ne’mati armiyaga uchta yangi, mahalliy ishlab chiqarilgan dron tizimi qo‘shilganini ma’lum qildi.
Generalning aytishicha, ushbu dronlardan biri — “Homa” — vertikal uchish va qo‘nish imkoniyatiga ega bo‘lib, 12 ming fut (taxminan 3,650 metr) balandlikda parvoz qila oladi. U tungi ko‘rish tizimlari bilan jihozlangan, uchish-qo‘nish yo‘lagiga ehtiyoj sezmaydi va razvedka vazifalarini samarali bajaradi.
Ikkinchi dron — “Didban”— yengil va ko‘chma qurilma bo‘lib, kun-u tun kuzatuv tizimlariga ega. U aniq nishonni aniqlashga qodir bo‘lib, 6 ming fut (taxminan 1,800 metr) balandlikda parvoz qiladi va asosan razvedka vazifalarida ishlatiladi.
Uchinchi qurilma esa “Shahin-1 FPV” bo‘lib, kelajakdagi urush xavflariga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan.
Bu dron uzoq vaqt parvoz qila oladi, turli balandliklarda harakatlana oladi va harakatlanuvchi hamda harakatsiz nishonlarga zarba bera oladi.
Eslatib o‘tamiz, Eron armiyasi so‘nggi yillarda dron texnologiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.