Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan agar Konstitutsiyaviy sud Ozarbayjon bilan tinchlik kelishuvini ma’qullamasa, shaxsan o‘zi Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish jarayonini boshlashini ma’lum qildi. Bu haqda u «Yerevan muloqoti» xalqaro forumida chiqish qilar ekan, YouTube orqali namoyish etilgan nutqida bayonot berdi.
Pashinyan o‘z so‘zlarida "tinchlik jarayonini yo‘qotish mumkin emas"ligini ta’kidlab, Armaniston jamiyatini konstitutsiyaviy islohotlar zarurligiga ishontiraman, deb va’da berdi.
Bundan tashqari, Pashinyan Ozarbayjon bilan tinchlik kelishuvini imzolash va shu bilan birga YEXHTga Minsk guruhi tuzilmalarini tarqatish bo‘yicha murojaat yo‘llashni taklif qildi.
Bundan avvalroq Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari mamlakatlar o‘rtasidagi shartnoma imzolanishi uchun asosiy to‘siqlarni sanab o‘tdilar.
Antaliyada bo‘lib o‘tgan Diplomatik forum doirasidagi panel muhokamasida Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov YEXHT Minsk guruhini tugatish va Armaniston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritilishi masalalarini tinchlik shartnomasiga eng asosiy to‘siqlar sifatida ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, aynan shu masalalarni hal etish kelishuvni imzolash uchun real imkoniyat yaratishi mumkin.
Shuningdek, Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyanning ta’kidlashicha, bugungi kunning asosiy vazifasi — tinchlik bitimi qachon va qayerda imzolanishini belgilashdir. U buni Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida munosabatlar o‘rnatishning dastlabki bosqichi sifatida baholadi.
Abdulloh Sayyid