Saudiya Arabistoni rasmiylari mamlakatda alkogol mahsulotlariga qo‘yilgan taqiq bekor qilingani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi.
Qirollik 73-yillik taqiqni bekor qilishga tayyorlanayotgani haqidagi xabarlar rad etildi. Avvalroq 2034 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishga tayyorgarlik doirasida Saudiya Arabistoni spirtli ichimliklarni nazorat ostida sotishga ruxsat berishi haqida xabar tarqalgandi. Bu esa jamiyatda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Biroq Saudiya Arabistoni rasmiy vakili Reuters agentligiga bergan izohida shunday dedi: «Mamlakatda alkogol iste’moliga nisbatan amaldagi taqiq o‘z kuchida qoladi, va bundan mustasno holatlar faqatgina chet el diplomatik korpusiga tegishli maxsus qoidalar asosida amalga oshirilishi mumkin».
Saudiya Arabistoni Islom qonunlariga amal qiluvchi davlat sifatida alkogol mahsulotlarini sotish va iste’mol qilishni qat’iyan taqiqlaydi. Mamlakat hukumati Vision 2030 dasturi doirasida ba’zi ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirayotgan bo‘lsa-da, alkogol bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmagani rasman ma’lum qilindi.
Abdulloh Sayyid