AsosiyDunyo

Xitoy Rossiyaning 20 ta qurol zavodiga butlovchi qismlar yetkazib berayotgani haqidagi Ukraina ayblovlarni rad etdi

Bu bayonot Ukraina Tashqi razvedka xizmati rahbari Oleg Ivashenko tomonidan berilgan fikrlarga javob sifatida yangradi.

'Xitoy Rossiyaning 20 ta qurol zavodiga butlovchi qismlar yetkazib berayotgani haqidagi Ukraina ayblovlarni rad etdi'ning rasmi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Ukraina tomonidan ilgari surilgan, go‘yoki Xitoy Rossiyaga maxsus kimyoviy mahsulotlar, porox va mudofaa sanoati uchun butlovchi qismlar yetkazib berayotgani to‘g‘risidagi ayblovlarni inkor etdi.

Bu bayonot Ukraina Tashqi razvedka xizmati rahbari Oleg Ivashenko tomonidan berilgan fikrlarga javob sifatida yangradi. Ivashenko Xitoy 20 ta Rossiya harbiy-sanoat korxonasiga butlovchi qismlar yetkazib berayotganini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, u 2025 yil boshiga kelib, Rossiya dronlarida qo‘llanilayotgan muhim elektron butlovchi qismlarning 80 foizi Xitoyda ishlab chiqarilganini qayd etgan.
Xitoy TIV rasmiy vakili Mao Nin Xitoyning Ukrainadagi urush borasidagi pozitsiyasi "izchil va aniq" ekanini ta’kidladi. 

"Biz doim otashkesimga erishish va tinchlik muzokaralarini ilgari surish tarafdori bo‘lib kelganmiz. Xitoy hech qachon mojaroga aloqador biror tomonga o‘ldiruvchi qurollar yetkazib bermagan va ikki tomonlama foydalanilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarga qat’iy nazorat o‘rnatgan," — dedi Mao Nin matbuot anjumanida.

"Ukraina bundan yaxshi xabardor. Xitoy asossiz ayblovlar va siyosiy manipulyatsiyalarga qat’iyan qarshi," — deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi urushni boshlaganidan beri Xitoy Moskva bilan aloqalarni mustahkamladi va Rossiya mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlovchi ikki tomonlama foydalanilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning yetakchi yetkazib beruvchisiga aylandi.

Xitoy o‘zini urushda ehtimoliy vositachi sifatida ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, u bir vaqtning o‘zida AQSH va uning ittifoqchilarini Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali urushni "chuqurlashtirishda" ayblab kelmoqda. NATO esa Xitoyni Rossiya tajovuziga "hal qiluvchi yordamchi" deb atagan.

Prezident Vladimir Zelenskiy 17 aprel kuni Xitoy Rossiya armiyasiga qurol yetkazib berayotganini ma’lum qilgan edi — bu Kiyevning Pekin Rossiyaning urush harakatlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol bilan qo‘llab-quvvatlayotganini ilk bor rasman tasdiqlashi bo‘ldi.

Joriy oy boshida G‘alaba kuni munosabati bilan Moskvaga tashrif buyurgan Xitoy raisi Si Szinpin bilan Rossiya o‘rtasida “Vashingtonning Rossiya va Xitoyga nisbatan ikki tomonlama bosimini keskin rad etish uchun hamkorlikni mustahkamlash” bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Kiyev 22 aprel kuni Xitoy fuqarolari va kompaniyalari Rossiyaning Ukrainaga qarshi uyushtirgan to‘liq miqyosdagi urushda ishtirok etgani haqida dalillar taqdim etgan, Xitoy esa bu ayblovlarni "asossiz va siyosiy manipulyatsiya" deb rad etgan.

                                                                                                                                                   Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar