Ruminiyada so‘nggi 30 yil ichidagi eng kuchli suv toshqinlari mamlakatning bir nechta hududlariga jiddiy zarar yetkazmoqda. 2025 yil 29 may kuni yog‘gan kuchli yomg‘irlar natijasida Botoshani, Kovasna va Brasov viloyatlarida o‘nlab aholi punktlari suv ostida qoldi, yuzlab odamlar evakuatsiya qilindi, deya yozmoqda "Zamon.uz".
Suv toshqinidan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri — Transilvaniyada joylashgan "Praid" tuz konidir. Bu yerda nafaqat tuz qazib olinadi, balki sayyohlar uchun ko‘ngilochar park, tibbiy markaz va yer ostida qurilgan ibodatxona ham mavjud. Korund soyining toshib ketishi konning ishlab chiqarish va turistik qismlariga ham suv kirishiga sabab bo‘ldi. Yer ostidagi to‘g‘on suv bosimiga dosh bera olmay qulab tushgani aytildi.
Mutasaddilar tuz zaxiralari suvda erib ketishi, shuningdek, mahalliy aholi daromadsiz qolishi mumkinligidan xavotirda. Ayni paytda rasmiylar suv sathining tushishini kutib, tiklash ishlarini boshlashga hozirlanmoqda. Vengriya hukumati esa qo‘shnilariga yordam taklif qilgan.