AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoyev Koreyaning yangi prezidentiga tabrik yo‘lladi

Li Chje Myonni O‘zbekistonga taklif qildi.

'Shavkat Mirziyoyev Koreyaning yangi prezidentiga tabrik yo‘lladi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti Li Chje Myonni ushbu lavozimga saylangani bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari o‘z maktubida Li Chje Myon rahbarligida Koreyaning intellektual va iqtisodiy qudrati yanada o‘sishiga, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

"Biz Koreya Respublikasi bilan do‘stona va keng qamrovli aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratamiz. Aminmanki, Sizning prezidentlik davringizda alohida strategik sheriklik munosabatlarimiz barcha ustuvor sohalarda jadal rivojlanadi", — deyiladi maktubda.

Prezident mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida Li Chje Myonni o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

3 iyun kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda muxolifatdagi "Toburo" demokratik partiyasi nomzodi Li Chje Myon 49,42% ovoz bilan Janubiy Koreya yangi prezidenti etib saylandi. U KXDR bilan muloqot orqali xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, mehnat qonunchiligini isloh qilishga va’da berdi. U oldingi saylovda ham nomzodini qo‘ygan, ammo mag‘lub bo‘lgandi.

61 yoshli Li, shuningdek, mehnat qonunchiligini isloh qilishga, xususan, ish haftasini qisqartirishga, ota-onalar uchun bolalar soniga qarab soliq chegirmalarini joriy etishga va pensiya yoshini oshirishga va’da bermoqda.

    Boshqa yangiliklar