AsosiyDunyo

Gruziyada diktatura o‘rnatildimi?

Yevroittifoqqa Tbilisiga nisbatan munosabatni qayta ko‘rib chiqish tavsiya qilindi.

'Gruziyada diktatura o‘rnatildimi?'ning rasmi

Yevroparlament Gruziyadagi siyosiy vaziyat yuzasidan keskin bayonot bilan chiqdi. Deputatlar 2024 yil oktyabr oyida o‘tgan parlament saylovlarini noqonuniy deb atar ekan, ularning natijasida hokimiyatdagi “Gruzin orzusi” partiyasi davlat institutlarini to‘liq nazoratga olgani, repressiv qonunchilik joriy etgani va siyosiy muxolifat, jurnalistlar hamda tinch namoyishchilarni shafqatsiz ta’qib qilayotgani ta’kidlandi.

Hujjatda Yevroittifoq mamlakatlaridan “Gruzin orzusi” partiyasining asosiy rahbarlariga va siyosiy repressiyalarga mas’ul bo‘lgan shaxslarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etilishi tavsiya etilgan. Shuningdek, Gruziyada yangi, xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida ochiq va adolatli saylovlar o‘tkazishga chaqirilgan.

“Demokratiyadan uzoqlashuv davom etayotganini inobatga olib, Yevroparlament Yevroittifoqning Gruziyaga nisbatan olib borayotgan siyosatini to‘liq qayta ko‘rib chiqishga, shuningdek, Gruziya bilan imzolangan assotsiatsiya bitimi ijrosini tahlil qilishga chaqiradi”, — deyiladi parlament hisobot loyihasida.

Litvalik Yevroparlament a’zosi Rasa Yuknyavichene esa Gruziyadagi vaziyatni “Rossiya manfaatlari mamlakatni birorta ham o‘q uzmasdan ichkaridan zabt etganining yaqqol namunasi” deb atadi.

“Ammo gruzin xalqi taslim bo‘lmayapti. Ular 200 kundan buyon ko‘chalarda — repressiyalarga qaramay. Biz, Yevroittifoq, erkin va Yevropaga intilayotgan jasur gruzin xalqiga qarzdormiz. Harakat qilish vaqti keldi — kech bo‘lishidan oldin”, — dedi u.

    Boshqa yangiliklar