Ichki ishlar mansabdori niqobi ostidagi advokat va uning sherigi qo‘lga olindi. Bu haqda huquq-tartibot idoralari darakchi.uz'ga xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXX “Call-markazi”ga kelib tushgan murojaat asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Toshkent shahrida yashovchi, 1980 y.t., muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro o‘zining sherigi bo‘lgan – poytaxtda faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokatini go‘yoki Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentida yuqori lavozimda ishlovchi shaxs sifatida tanishtirib, u orqali 2024 yilda sud hukmi bilan 8 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, hozirda Buxoro viloyatidagi 1-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumni Toshkent viloyatidagi 7-sonli JIEMga ko‘chirib berish evaziga arizachidan 5 ming AQSH dollari talab qilgan.
Ammo, mazkur shaxslar so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.