O'zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga murojaat qilib, mahalliy qonunchilikka qat'iy rioya qilish va jamoat tartibi qoidalarini hurmat qilishga chaqirdi.
Konsullik qayd etishicha, so'nggi vaqtlarda ayrim O'zbekiston fuqarolari ishtirokidagi huquqbuzarlik holatlari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilmoqda. Bunday holatlar nafaqat qonun oldida javobgarlikka sabab bo'lishi, balki butun o'zbek diasporasining obro'siga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligi ta'kidlangan.
Shu bilan birga, diplomatik vakolatxona AQShdagi aksariyat o'zbekistonliklar halol mehnat qilayotgani, ta'lim olayotgani va tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanib, O'zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga hissa qo'shayotganini qayd etdi.
Murojaatda, ayniqsa, yirik xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari davrida O'zbekiston hamda uning fuqarolariga bo'lgan e'tibor yanada ortishi, shu bois har bir vatandoshning xatti-harakati muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlangan.
Bosh konsullik vatandoshlarni mahalliy qonunlarga amal qilishga, mas'uliyatli bo'lishga va mamlakat nufuziga putur yetkazishi mumkin bo'lgan har qanday harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq noqonuniy poygalar tashkil etgan bir guruh o'zbekistonliklar qo'lga olingani xabar qilingan edi.






