2025 yil 8 maydan boshlab Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindtning farmoni asosida mamlakat chegaralarida muhojirlarning boshpana so‘rovlari bevosita rad etilishi mumkin bo‘ldi. Shu kundan to bugunga qadar 3 278 nafar migrant Germaniyaga kirish huquqidan mahrum etildi.
Ushbu farmon istisnolarni ham nazarda tutadi. Jumladan, homilador ayollar va voyaga yetmagan bolalardan iborat “zaif guruhlar” vakillari uchun qoidalar qo‘llanilmaydi. Shu asosda 46 kishining boshpana so‘rovlari ko‘rib chiqilgan.
Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, Germaniyaga noqonuniy kirayotganlar soni ham ortmoqda. Aprel oyida mamlakatga 5 079 kishi noqonuniy kirgan bo‘lsa, may oyida bu ko‘rsatkich 10 foizga oshib, 5 571 nafarga yetdi.
Bu — 2025 yil boshidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Yil boshidan beri jami 25 298 nafar shaxs Germaniyaga noqonuniy kirgan.
Aleksander Dobrindtning va’dasiga ko‘ra, bu kabi rad javoblari soni bosqichma-bosqich oshib boradi. Chegaralarda nazorat kuchaytirildi — Federal politsiya xodimlari soni 11 mingdan 14 mingtaga yetkazildi, nazorat punktlari ham ko‘paytirildi.
Bu o‘zgarishlar Germaniyada migratsiya siyosati keskin tus olayotganini anglatadi — ayniqsa, xavfsizlik va tartib masalalari fonida. Ammo bu qadam insoniylik tamoyillariga qanday ta’sir qilishi esa ochiq qolmoqda.