AsosiyDunyo

Telegram asoschisi nega Fransiyadan chiqa olmayapti?

Pavel Durov 9 oydan beri Fransiya chegarasidan boshqa davlatga o‘ta olmagan.

'Telegram asoschisi nega Fransiyadan chiqa olmayapti?'ning rasmi

Telegram asoschisi Pavel Durov amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan ikkinchi intervyusida Fransiyada bo‘lib turgani, mamlakatni ruxsatsiz tark eta olmasligi va bolalari hamda onasi bilan uchrasholmayotganini aytdi.

Durovning so‘zlariga ko‘ra, dastlab Fransiya hukumati Telegram so‘rovlarga javob bermayotganidan shikoyat qilgan, biroq keyinchalik hech qanday rasmiy so‘rov bo‘lmaganligi aniqlangan.

Bugungi kunga kelib, uni jinoyatchilar Telegramdan foydalangani va ularga qarshi yetarli choralar ko‘rmagani uchun “sohaviy hamkor” sifatida ayblashmoqda.

Durov bu ayblovni haddan tashqari keng talqin deb hisoblaydi. Uning aytishicha, Telegram dunyo bo‘ylab 1 milliard foydalanuvchiga ega va kompaniya yuridik masalalarga katta mablag‘ ajratmoqda.

Durov, shuningdek, hibsga olingach, 4 kun oynasiz va to‘shaksiz kamerada ushlab turilganini bildirdi. U telefonni faqat Telegramni test qilish uchun ishlatganini, hattoki unda SIM-karta ham bo‘lmaganini ta’kidladi.

Durov telefonni doimiy olib yurmasligini, birinchidan — hukumatlar unga Pegasus kabi kuzatuv dasturlarini o‘rnatishi mumkinligini, ikkinchidan esa — bu chalg‘itishini aytdi.

    Boshqa yangiliklar