AsosiyDunyo

Turkiya yetakchisining sog‘lig‘i yomonlashdimi?

Mamlakat Aloqa boshqarmasi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi holat bo‘yicha aniqlik kiritdi.

'Turkiya yetakchisining sog‘lig‘i yomonlashdimi?'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Turkiya yetakchisining sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi turli xil xabarlar tarqaldi. Holatni Turkiya Aloqa boshqarmasi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rad etdi. Bu haqda markaz axborotiga tayanib, “Sozcu” nashri yozmoqda.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlar, xususan YouTube kanallarida Prezidentning sog‘ligi yaxshi emasligi haqida xabarlar tarqatilgan. 

“YouTube’dagi kanal orqali Prezidentimizning sog‘lig‘i bilan bog‘liq asossiz da’volar ilgari surilgan. Bu da’volar nafaqat yolg‘on, balki Prezidentlik institutini nishonga olgan va haqoratli mazmunga ega”, — deyiladi rasmiy bayonotda. 

Qo‘shimcha qilinishicha, Erdo‘g‘anning ahvoli yaxshi va u o‘z vazifasini bajarishda davom etmoqda. 

“Prezidentimiz Turkiya davlatining rahbari sifatida o‘zining konstitutsiyaviy vakolat va majburiyatlarini bajarib, xalqimizga xizmat yo‘lida fidokorona harakat qilmoqda”, — deya bildirilgan markaz bayonotida.

Shuningdek, Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i va xotirasi yaxshi ekani, uning bardam holda qarorlar qabul qilayotganini ham bildirgan. 

“Davlat rahbarlari, siyosatchilar va boshqa rasmiy shaxslar Prezident Erdo‘g‘anning muammolarga chuqur tushunishi, kuchli xotirasi va qat’iy qarorlar qabul qila olishiga guvoh bo‘lmoqda. Jurnalistik tamoyillarga zid ravishda, mas’uliyat va ehtiyotkorlikni chetlab o‘tgan holda ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlar tarqatayotganlar faqat o‘zlarini kulgili holatga solmoqda”,— deyiladi rasmiy xabarda. 

    Boshqa yangiliklar