Bugun, 10 iyun kuni Avstriyaning janubi-sharqidagi Gras shahridagi maktabda otishma yuz berdi. Oqibatda kamida 8 kishi halok bo‘ldi, shuningdek, bir necha kishi yaralandi. Bu haqda “Kronen Zeitung” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, qurbonlar orasida o‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham bor. Bundan tashqari, “Heute” nashri to‘qqiz kishining o‘lganini, “Kurier” esa o‘n nafar odamning o‘lganini xabar qilmoqda. Ichki ishlar vazirligi “Der Standard” nashriga bir necha kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan, biroq ularning soniga aniqlik kiritmagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisada hujumchi ham halok bo‘lgan. “Kurier”ning yozishicha, u maktab o‘quvchisi bo‘lgan va o‘z joniga qasd qilgan. O‘quvchi ikki sinf xonasida o‘t ochgan. “Kronen Zeitung” u zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini aytmoqda.
Poytaxti Gras bo‘lgan Shtiriya shtati politsiyasi Drayershyutsengassedagi Federal oliy maktab-gimnaziyasida (BORG) operatsiya o‘tkazilganini ma’lum qildi. Bino ichida otishma ovozlari eshitilgan. Operatsiyaga “Kobra” maxsus kuchlari va vertolyot jalb qilingan.
Hozirda maktabdagi vaziyat xavfsiz, u yerdagi odamlar evakuatsiya qilingan.