AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda bitiruvchilarga imtihon javoblarini sotgan maktab o‘qituvchisi ishdan olindi

Direktorga esa ta’sir chorasi qo‘llanilgan.

'Qashqadaryoda bitiruvchilarga imtihon javoblarini sotgan maktab o‘qituvchisi ishdan olindi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi bitiruvchilarga ona tili va adabiyot fanidan bo‘lib o‘tgan imtihonning javoblarini sotishga uringani aytilmoqda.

Bu haqda sinfxonada voqea guvohi bo‘lgan o‘quvchilardan biri o‘zining YouTube sahifasiga joylagan videosi orqali xabar bermoqda

Ammo videoda aynan testlarning javobi sotilayotganiga oid biror so‘z aytilmagan. O‘qituvchi 6 varaqning narxi 5 ming so‘mligini bildirgan. 

“Yo‘q, men “kserokopiyachi”ga eltib beraman, meniki emas, taxlab qo‘yibdi, shahar markazi atrofidan sotvolib olib ketyapti, men ham sotib oldim. To‘g‘risini aytaman, nima keragi bor? Men “qaytarib pulini olib kelib beraman sota olmasam” dedim, mayli deyishdi”, – degan u. 

Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida video muallifi bilan bog‘landi. uning aytishicha, voqea 28 may kuni ona tili va adabiyot fanidan o‘tgan imtihonda bo‘lgan. “Shunda o‘qituvchi imtihon javoblarini o‘quvchilarga sotdi”, – dedi u. 

Tahririyat ayni holat haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga xabar bergandi. Shunga ko‘ra, vazirlikning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi 9 iyun kuni o‘rganishlar boshlanganini ma’lum qildi.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, haqiqatan ham shu yil 28 may kuni ona tili va adabiyoti fanidan o‘tgan imtihonda shunday voqea sodir bo‘lgan. Davlat imtihoni boshlanishidan oldin o‘qituvchi 11-sinf bitiruvchilariga imtihon savollarining javoblari nusxasini chiqarganini ko‘rgazma sifatida ko‘rsatib, imtihonga puxtaroq tayyorgarlik ko‘rish va bilimlarini mustahkamlashi uchun tavsiya qilgan.

Bu javoblarni kompyuter xizmatlari ko‘rsatuvchidan sotishga berilganini aytib, agar xohlovchilar bo‘lsa 5 ming so‘mdan sotib olishlari mumkinligini aytgan”, – deyiladi izohda.

Qayd etilishicha, aniqlangan kamchiliklarga asosan maktab direktoriga ta’sir chorasi qo‘llangan. O‘zboshimchalik bilan ish tutgan videolavhadagi fan o‘qituvchisi ishdan olingan.

    Boshqa yangiliklar