Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi archazorda yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 17 iyun kuni soat 17:45 da FVBga Boysun tumani Kengdala o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash hududda quruq o‘tlar yongani bo‘yicha xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borgan.
Yong‘inni bartaraf etishga viloyat FVBdan 85 nafar shaxsiy tarkib, 4 ta texnika, O‘rmon xo‘jaligi bo‘limidan 40 nafar xodim, 4 ta texnika, IIBdan 6 nafar xodim, Mudofaa vazirligidan 20 nafar harbiy xizmatchi va bitta harbiy vertolyot, mahalliy aholidan 40 nafar ko‘ngilli jalb etilgan.
Shuningdek, jarayonda yong‘in o‘chog‘ini monitoring qilish uchun Chegara qo‘shinlarining uchuvchisiz uchish vositalaridan foydalanilgan.
Tegishli xizmatlar va ko‘ngillilar hamkorligidagi harakatlar natijasida 3 gektar maydondagi yong‘in o‘chog‘i 18 iyun kuni soat 07:10 da bartaraf etilgan va keng maydonlarga tarqalishi oldi olingan.