Hindistonning Andhra-Pradesh shtatida yashovchi (nomi sir tutilgan) erkak dalada ishlayotganida yerdan qimmatbaho tosh — olmos topib oldi. Bu haqda The Times of India xabar berdi.
U olmosni sotishdan 150 ming rupiy (taxminan 22 mln so‘m) foyda olgan.
Xabarga ko‘ra, yomg‘ir ko‘p yog‘ib, tuproqni yuvib ketgani uchun qimmatbaho tosh yer yuzasiga chiqib qolgan.
Aytish kerakki, omadli dehqon voqeasi ovoza bo‘lib ketgach, u yashovchi Kurnul qishlog‘ini xazina qidiruvchilar bosib ketdi.
"Ko‘plar olmos qidirishga butun bir oila bo‘lib kelyapti, ovqatlarini o‘zlari bilan olib kelishgan, soatlab dalalarni kezib yurishibdi", — deb yozdi The Times of India.
Ekspertlar ta’kidlashicha, bunday topilmalar Kurnulda kamdan-kam uchraydi, hammaning ham omadi chopavermaydi.