AsosiyJamiyat

Buxoroda chaqalog‘ini 10 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi

Ayol 3,5 yilga qamaldi.

'Buxoroda chaqalog‘ini 10 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi'ning rasmi

Buxoro viloyatida chaqalog‘ini 10 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ona 3,5 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, fuqaro N.K. buxorolik tanishi bilan birga yashab, 2024 yilning iyun oyida Turkiyaga ishlash maqsadida ketgan va 2024 yilning avgust oyida xorijiy davlatdan qaytib kelib, shu oyda qiz farzandini dunyoga keltiradi. U yana ishlash maqsadida Turkiyaga ketishni rejalashtiradi va buning uchun farzandini sotmoqchi bo‘lgan.

O‘tgan yilning 4 sentyabr kuni esa IIB va DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda N.K. o‘zining 2024 yilning 21 avgustida tug‘ilgan farzandini 10 million so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan. 

“Aybdor ayolning qilmishi nafaqat o‘zining ko‘rsatmasi, balki pullarni ko‘zdan kechirish, kimyoviy ishlov berish va yozib olingan ovozlar, voqea joyini ko‘zdan kechirish hamda ashyoviy dalillarni olib qo‘yish haqidagi bayonnoma, ekspertiza xulosasi va guvohlarning ko‘rsatmalari bilan tasdiqlandi”, deyiladi xabarda.

Sud tomonidan N.K. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

    Boshqa yangiliklar