AsosiyJamiyat

Farg‘onada portlagan zapravka ishi yuzasidan hukm e’lon qilindi

Korxona rahbari 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

'Farg‘onada portlagan zapravka ishi yuzasidan hukm e’lon qilindi'ning rasmi

17 dekabr kuni Farg‘ona viloyatidagi “Petrolium” gaz-rezina zapravkasida sodir bo‘lgan kuchli portlash yuzasidan rasmiylar hanuz jim. Holbuki, bu fojia ortidan ijtimoiy tarmoqlarda har kuni yangi va dahshatli tafsilotlar tarqalmoqda.

“Bir oila tiriklayin yongan”

Farg‘onalik foydalanuvchilarning yozishicha, portlash sodir bo‘lgan paytda avtomobillardan birida 36 yoshli vizajist ayol ikki bolasi va bir jiyani bilan birga tiriklayin yonib ketgan. Ushbu ma’lumotni Instagram’da ham bir necha foydalanuvchilar tasdiqlagan.

Aniqlanganiga ko‘ra, ayol zapravkaga yonilg‘i quyish uchun kirgan, shu vaqtda portlash ro‘y bergan. Hodisa oqibatida u, ikki farzandi va 18 yoshli qiz jiyani halok bo‘lgani aytilmoqda.

“Ikki, uch, to‘rtta tobut chiqdi…”

Tarmoqlarda tarqalgan videolarni tahlil qilgan fuqarolarga ko‘ra, portlashdan keyin bir uydan ikki, uch, hatto to‘rtagacha tobut chiqqani ko‘rilgan. Farg‘onalik Tal’at Hasanov videoni sekinlatib ko‘rib, kamida 20 kishining halok bo‘lganini sanaganini yozgan. Sherzod Tilovov esa o‘ziga yaqin manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda, qurbonlar soni 20 tadan ortiq ekanini bildirgan.

37 yoki 40…? Rasmiylar qayda qaraydi?

Instagram’dagi faollardan Lola Umarova qurbonlar soni 37 nafarga yetganini yozgan. Boshqalar esa jarohatlanganlarning bir qismi shifoxonada vafot etganini, natijada halok bo‘lganlar soni 40 nafardan oshib ketganini ma’lum qilgan.

Eng qizig‘i, ushbu dahshatli fojeaga nisbatan rasmiy idoralar — Farg‘ona viloyati hokimligi, IIB, FVB va boshqa mutasaddilar tomonidan hanuz biror rasmiy so‘z aytilmadi. Ular internetda tarqalayotgan raqamlarni na tasdiqladi, na inkor qildi. Savol tug‘iladi: bu sukut rozilik belgisimi?

8 yoki 9? Raqamlardagi ziddiyat

17 dekabr kuni tarqatilgan rasmiy bayonotda 8 nafar fuqaro shifoxonada ekani aytilgan. Ammo xuddi shu kuni Respublika shoshilmasi tibbiyot markazining Farg‘ona filiali shifokori Davlatbek Oripov 9 nafar jabrlanuvchi haqida gapirdi. Bu raqamlar o‘rtasidagi ziddiyat ham savollarga sabab bo‘lmoqda.

Eng katta savol: nega hukumat komissiyasi tuzilmadi?

Farg‘onadagi portlash O’zbekistondagi eng yirik falokatlardan biri sifatida baholanmoqda. Bundan oldingi shunga o‘xshash fojealarda — Urganch, Kogon, Denov, Jizzax, Sergelidagi portlashlarda, hatto elektr uzilishlari paytida ham Prezident yoki Bosh vazir topshirig‘i bilan hukumat komissiyalari tuzilgan edi.

Biroq Farg‘onada 36 yoshli ayol va uning bolalari halok bo‘lgani, yuzlab odam jarohatlangani, ko‘plab uylarga ziyon yetganiga qaramay, bu gal na hukumat komissiyasi, na ochiq izoh bor. Nega?

Portlagan “zapravka” nima uchun darhol buzib tashlandi?

Oddiy hollarda portlash sodir bo‘lgan joy tergov tugashigacha muhrlanib, himoyada saqlanadi. Ammo bu holatda “Petrolium” zapravkasi tergov boshlanmasidan avval buzib tashlandi.

Farg‘ona viloyati FVB bu ishni tadbirkorning “o‘z xohishi” bilan bo‘lgani va boshqa faoliyat bilan shug‘ullanmasligi bilan izohladi. Ammo savol tug‘iladi: qonun ustuvormi yoki tadbirkor xohishi?

Jamoatchilikga ochiqlik kerak!

Mazkur fojea yuzasidan jamoatchilikda shuncha savol vujudga kelmoqda. Hech bo‘lmaganda qurbonlar soni, tergov jarayoni, sabablar yuzasidan rasmiy axborot berilmasa, feyk va shubhali ma’lumotlar tarqalishi, aholidagi ishonchsizlik kuchayishi muqarrar.

Ochiqlik – hukumatning burchi, jamiyatning haqqidir.

    Boshqa yangiliklar