AsosiyDUNYO

AQShdagi migrantlar saqlash markazlarida o‘lim holatlari ko‘paymoqda

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurkning aytishicha, 2026 yilning dastlabki besh oyida mazkur markazlarda 18 kishi vafot etgan.

'AQShdagi migrantlar saqlash markazlarida o‘lim holatlari ko‘paymoqda'ning rasmi

AQShning Migratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) tasarrufidagi migrantlar saqlash markazlarida o‘lim holatlari ortib bormoqda. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurkning aytishicha, 2026 yilning dastlabki besh oyida mazkur markazlarda 18 kishi vafot etgan. Iyun oyida esa yana bir o‘lim holati qayd etilgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda 33 ta, 2024 yilda esa 11 ta o‘lim holati rasman qayd etilgan.

Folker Tyurk ICE hibsxonalaridagi barcha o‘lim holatlari yuzasidan mustaqil va xolis tergov o‘tkazishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, halok bo‘lganlarning yaqinlari haqiqatni bilish va adolat qaror topishini talab qilish huquqiga ega.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozir ICE markazlarida 60 mingdan ortiq migrant saqlanmoqda. Ular orasida bolali oilalar va og‘ir kasallikka chalinganlar ham bor. Qayd etilishicha, ayrim markazlarda saqlash sharoitlari talab darajasida emas, tibbiy xizmat va oziq-ovqat bilan ta’minlashda ham muammolar mavjud.

Shuningdek, 2026 yilda qayd etilgan o‘lim holatlarining beshtasi o‘z joniga qasd qilish sifatida tasniflangan. BMT migrantlarni hibsga olish faqat eng so‘nggi chora bo‘lishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi.

    Boshqa yangiliklar