30 iyundan boshlab O'zbekiston va Iordaniya poytaxtlari — Toshkent hamda Ammon o'rtasida muntazam to'g'ridan to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Yangi aviayo'nalish ochilishi munosabati bilan Iordaniyada O'zbekistonning turizm salohiyati taqdimoti o'tkazildi. Unda turizm sohasi vakillari, yirik turoperatorlar, mehmonxona biznesi rahbarlari hamda Royal Jordanian Airlines aviakompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi.
Taqdimotda O'zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari, islom sivilizatsiyasiga oid muqaddas qadamjolar va buyuk allomalar merosi haqida ma'lumot berildi.
Dastlabki muntazam reys 30 iyun kuni amalga oshiriladi. Jadvalga ko'ra, Royal Jordanian Airlines'ning RJ196 reysi Ammondan mahalliy vaqt bilan soat 22:50 da parvoz qilib, ertasi kuni soat 05:25 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo'nadi.
Tomondar turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, biznes-missiyalar va B2B uchrashuvlarini ko'paytirish, shuningdek, ikki mamlakatning sayyohlik imkoniyatlarini birgalikda targ'ib qilish bo'yicha ham kelishuvga erishgan.






