Samarqand viloyat adliya boshqarmasi va "Intellektual mulk markazi" davlat muassasasining ko‘magi bilan “Samarqand qog‘ozi” geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Abduhalimov bugun "Konigil-Meros" hunarmandchilik markazi rahbari Zarif Muxtorovga “Samarqand qog‘ozi” geografik ko‘rsatkich hujjatini topshirdi.
Ma’lumot uchun: Ming yillik tarixga ega Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish jarayonida balxtut novdalari ma’lum muddat suvda ivitib qo‘yiladi. Undan keyin po‘sti shilinib, po‘stloq ustidagi qo‘pol jigarrang qismi pichoq bilan ajratiladi. Tozalangan sarg‘ish rangli po‘stloqlar qozonda 5-6 soat qaynatiladi va shundan so‘ng ular yog‘ochdan yasalgan o‘g‘irlarda 7-8 soat davomida mayin tolalarga aylangunicha maxsus to‘sinlar orqali tuyib maydalanadi.
Keyingi bosqichda mayin tolasimon po‘stloqlar katta idishga solinib, Siyob suvida aralashtiriladi va to‘rtburchak shakldagi suzg‘ichlardan o‘tkaziladi. Ho‘l qog‘ozlar 8-10 soat davomida taxtakachga bostirib qo‘yiladi, so‘ngra ular birma-bir silliq joyga yopishtiriladi. Yakunida har bir qog‘oz silliq marmar tosh ustiga qo‘yilib, chig‘anoq yoki aqiq toshi bilan silliqlanadi. Shu tarzda Samarqand qog‘ozi tayyor bo‘ladi.
Samarqand qog‘ozidan mahalliy miniatyurachi rassom va kalligraflar, Yaponiyadagi qadimiy yozma bitiklar va nodir asarlarni qayta ta’mirlashda foydalanishadi.