Hindistonning Bixar shtatida jodugarlikda ayblangan oila vahshiylarcha o‘ldirildi. Temta qishlog‘ida yuz bergan dahshatli voqeada besh nafar oila a’zosi hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Qonli hodisa yuzasidan uch kishi qo‘lga olindi. Bu haqda CBS News axborot agentligi xabar berdi.
Fojia tafsilotlari
Joriy yilning 5 iyulga o‘tar kechasi yuzlab odam yashaydigan Temta qishlog‘i vahshiy jinoyat sahnasiga aylandi. Taxminan 50 kishilik olomon 50 yoshli Babu Lal Oraon, uning 70 yoshli onasi Kanto Devi, rafiqasi hamda ikki voyaga yetgan farzandini yovuzlarcha o‘ldirib, jasadlarini yoqib yuborgan. Qurbonlar orasida uch nafar ayol ham bo‘lgan.
“Jodugarlik” aybi — bahona bo‘ldimi?
Voqea sodir bo‘lishidan oldin, qishloqda bir bola kasallikdan vafot etgani va uning akasi ham betob bo‘lgani aytilmoqda. Ayrim mahalliylar bolalarning holatiga aynan Oraonlar oilasini ayblagan. Ularni jodugarlikda gumon qilgan olomon uyga bostirib kirgan va tig‘li qurollar bilan hujum boshlagan.
Fojia guvohi — yagona tirik qolgan bola
Oilaning 16 yoshli o‘g‘li hujum paytida tirik qolishga muvaffaq bo‘lgan. U politsiyaga bergan ko‘rsatmasida, 5 iyul kuni soat 22:00 da noma’lum shaxslar uyni qamal qilganini va onasini “jodugar” deb ayblab, barcha a’zolarni birma-bir o‘ldirishganini so‘zlab bergan.