AsosiyDunyo

AQSH urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda: Pentagon Yaponiya va Avstraliyadan pozitsiyasini aniqlashtirishni so‘radi

Vashington Yaponiyadan hamda Avstraliyadan Tayvan mojarosi yuzasidan ochiq pozitsiya kutmoqda. O‘z navbatida, Tayvan HIMARS tizimlarini joylashtira boshladi.

'AQSH urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda: Pentagon Yaponiya va Avstraliyadan pozitsiyasini aniqlashtirishni so‘radi'ning rasmi

AQSH Mudofaa vazirligi Yaponiya va Avstraliyani Tayvan atrofidagi ehtimoliy urushga tayyorlik borasida aniq pozitsiya bildirishga chaqirmoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

 

Nashrga ko‘ra, AQSHning sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Elbridj Kolbi yaqinda o‘tkazilgan muzokaralarda Yaponiya va Avstraliya vakillaridan urushga tayyorgarlikni kuchaytirish, xususan, mudofaa xarajatlarini oshirishni so‘ragan.

 

Vashingtonning bu bosimi – mintaqadagi ittifoqchilarni kuchaytirish va Xitoyni ogohlantirishga qaratilgan. Shunga qaramay, AQSH Tayvanga rasmiy ravishda xavfsizlik kafolati bermaydi, balki "strategik noaniqlik" siyosatini olib boradi. Ya’ni, AQSH ehtimoliy mojaro holatida qanday harakat qilishi oldindan ochiqlanmaydi.

 

Tayvan HIMARS raketalarini joylashtirdi

 

Shu bilan bir vaqtda, 12 iyul kuni Tayvan harbiylari yirik “Xan Kuan” mashg‘ulotlari doirasida HIMARS reaktiv artilleriya tizimlarini joylashtirdi. Mashg‘ulotlar orolning harbiy imkoniyatlari va tayyorgarligini namoyish etish uchun mo‘ljallangan.

 

Ikki HIMARS tizimi joylashgan yuk mashinalari Taychjun shahri atrofida kuzatilgan. Bo‘yicha 300 km’gacha masofani urish qobiliyatiga ega bo‘lgan bu tizimlar Tayvan bo‘g‘ozining narigi tarafida joylashgan Xitoyning Futszyan provinsiyasini nishonga olish imkoniyatiga ega. Tayvan o‘tgan yili 29 ta HIMARS tizimining ilk 11 tasini AQSHdan qabul qilgan edi.

 

Pekin pozitsiyasi: kuch bilan “qayta birlashish”

 

Xitoy esa demokratik boshqaruvdagi Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi deb biladi va orolni "zarurat tug‘ilsa, kuch bilan bo‘lsa ham" materik bilan birlashtirishga va’da bergan. Oxirgi yillarda Pekin tomonidan harbiy bosim kuchaytirilmoqda. Tayvan esa o‘zini mustaqil davlat deb hisoblaydi va Xitoyning bu da’volarini qat’iyan rad etadi.

    Boshqa yangiliklar