NATO bosh kotibi Mark Ryutte bu yil Istanbulda bo‘lib o‘tgan Ukraina-Rossiya muzokaralari yuzasidan Rossiya rahbari Vladimir Putinni tanqid ostiga oldi. Uning aytishicha, Rossiya muzokaralarga “jiddiy odamlar”ni emas, tarixchi olib kelgan.
“Men eslayman, qanday qilib siz [Donald Tramp] Marko Rubio va Stiv Uitkoff bilan birga Istanbuldagi muzokaralarni ishga tushirdingiz. Men o‘zim ham may oyida NATO ishlari bo‘yicha Turkiyada edim.
Biz haqiqatan ham ukrainaliklarga bosim o‘tkazdik va ular jiddiy delegatsiya yubordi. Ammo ruslar qandaydir tarixchi bilan kelishdi. U bizga 1250 yildan boshlab Rossiya tarixini tushuntira boshladi”, — deydi Ryutte AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Uning ushbu tanqidiy so‘zlari Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiyga qaratilgani aytilmoqda. Medinskiy muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilgan va tarix fanlari doktori hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida ham Ryutte muzokaralarga Medinskiy emas, Putinning o‘zi kelishi kerakligini ta’kidlagan edi. “U bu yerda allaqachon ikki marta bo‘ldi. U bizga XII asrdan boshlab Rossiya va Ukraina tarixini aytib bermoqchi bo‘ladi”, — degan edi NATO rahbari.
Medinskiy esa bunga javoban qisqa qilib aytgan: “XII asrda Ukraina yo‘q edi.”