Prezidentning 2025 yil 14 iyuldagi farmoniga ko‘ra, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyati tugatildi. Uning o‘rniga Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etildi.
Agentlikning axborot sohasida nazorat va monitoring bilan bog‘liq vazifalari esa Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga topshirildi.
Shuningdek, farmonda quyidagi tizim o‘zgarishlari nazarda tutilgan:
— Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Prezident Administratsiyasi bo‘ysunuviga o‘tdi;
— Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi;
— Matbuot xizmati media-markazi negizida OAV uchun kontent tayyorlovchi markaz tuzildi;
— Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi o‘rniga Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi;
— Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ham Administratsiya tasarrufiga o‘tkazildi.
Bundan tashqari, 2025 yil 1 sentyabrgacha quyidagi yo‘nalishlarda huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishi belgilangan:
— Byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, takrorlovchi nazorat funksiyalarini bekor qilish;
— Mahalliy hokimiyatlarning iqtisodiy va moliyaviy vakolatlarini kengaytirish.
Ma’lumot uchun: AOKA 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab Komil Allamjonov (2019–2020) va so‘ngra Asadjon Xo‘jayev (2020–2025) rahbarlik qilgan.