AsosiyJAMIYAT

Toshkentdagi avtozapchastlar bozorida tovlamachilik qilgan 14 nafarga hukm o‘qildi.

Sud ularni tovlamachilik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topib, qilmishining og‘irligiga qarab 3 yildan 6 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

'Toshkentdagi avtozapchastlar bozorida tovlamachilik qilgan 14 nafarga hukm o‘qildi.'ning rasmi

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan “Avtomobil ehtiyot qismlari bozori” hududida tovlamachilik bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur jinoiy guruh a’zolari 2025 yil iyun oyida qo‘lga olingan. Ular 1988–2002 yillar oralig‘ida Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tug‘ilgan shaxslar bo‘lib, aksariyati muqaddam sudlangan.

Tergov materiallariga ko‘ra, gumondorlar mijozlarning avtomobiliga ularning roziligisiz va oldindan kelishuvsiz turli jihoz hamda ehtiyot qismlarini o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatgan. Keyin esa bozor qiymati taxminan 600 AQSh dollarini tashkil etuvchi xizmat uchun fuqarodan tovlamachilik yo‘li bilan 13 ming 300 AQSh dollari talab qilib, undirgan. E’tiroz bildirgan mijoz esa qo‘rqitish va tahdidlar bilan bosimga uchragan.

Shunga o‘xshash yana bir holatda jinoiy guruh a’zolari boshqa bir fuqaroning avtomobiliga uning roziligisiz ehtiyot qismlarini o‘rnatib, xizmat haqini bozor narxidan uch baravar qimmat baholagan. Ular avtomobil kalitini olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali fuqarodan 15 million so‘m undirgan.

Bugun, 29 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida mazkur ish yuzasidan 14 nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm e’lon qilindi.

Sud ularni tovlamachilik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topib, qilmishining og‘irligiga qarab 3 yildan 6 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Shuningdek, muqaddam sudlangan ayrim mahkumlar jazoni qattiq tartibli koloniyada, qolganlari esa umumiy tartibdagi jazoni ijro etish muassasalarida o‘tashi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar

    Toshkentdagi avtozapchastlar bozorida tovlamachilik qilgan 14 nafarga hukm o‘qildi. - Darakchi.uz