Tolibon harakati yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda farmoni bilan o‘zbek toliblarining eng nufuzli qo‘mondoni Qori Salohuddin Ayubiy Afg‘onistonning Logar viloyatiga hokim etib tayinlandi. Bu haqda “Strategic Focus: Central Asia” manbasi xabar bermoqda.
Rasmiy lavozim, norasmiy nazorat
Ekspertlar fikricha, bu tayinlov ortida Tolibonning pushtun elitasining strategik niyatlari yashirin: ular Ayubiyni Shimoldan uzoqlashtirish orqali uning mintaqadagi ta’sirini kamaytirmoqchi.
Endilikda u Kobulda yashab, ishga Logarga qatnaydi — bu esa markaziy razvedka xizmatlariga uni muntazam nazorat ostida ushlab turish imkonini beradi.
ISHID bilan aloqalar fonida
Qori Salohuddinning “ISHID – Xuroson” bilan yaqin aloqada bo‘lgani haqida avval ham xabarlar chiqqan.
Uning Logarga tayinlanishi ayrim tahlilchilar tomonidan bu aloqalarni uzish va uni Tolibon doirasida “nazorat ostidagi kadr”ga aylantirish harakati sifatida baholanmoqda.
Yashirin tahdid iddaolari
Boshqa manbalarning aytishicha, bu tayinlov ortida undan butunlay qutulish rejasi ham yotgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni, uni aynan Logarda jismonan yo‘q qilish ehtimoli istisno etilmaydi.
Bu vaziyat Afg‘oniston shimolidagi etnik guruhlar, xususan o‘zbeklar o‘rtasidagi kuch muvozanatini o‘zgartirishi mumkin. Shuningdek, Tolibon ichida etnik raqobat, maxsus xizmatlarning kuchayib borayotgan roli va markazlashgan nazorat tizimining shakllanishi borasida muhim ishoralardan biridir.