AsosiyJamiyat

Plastik karta orqali pora olgan bojxona inspektori qo‘lga olindi

Mazkur holat yuzasidan inspektorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

'Plastik karta orqali pora olgan bojxona inspektori qo‘lga olindi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bojxona inspektorining korrupsion faoliyati fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyati bojxona boshqarmasining “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti nazorat va rasmiylashtirish guruhi inspektori — 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro, xorijdan olib kelingan 57 dona “iPhone 16 Pro Max” rusumli mobil telefonlarni Toshkent xalqaro aeroporti orqali IMEI kod asosida rasmiylashtirib berish evaziga har bir telefon uchun 100 AQSH dollaridan, jami 5700 dollar, shuningdek, ilgari deklaratsiyadan yashirib olib kelingan kiyim-kechaklar bo‘yicha chora ko‘rmaganligi uchun qo‘shimcha 400 AQSH dollar so‘ragan.

So‘ralgan pulning bir qismi — 900 AQSH dollari (11,3 mln so‘m) 11 va 14 iyul kunlari o‘ziga va qarindoshiga tegishli bank kartalari orqali o‘tkazilgan.

Ammo 16 iyul kuni, 1000 AQSH dollari (12,5 mln so‘m) miqdoridagi navbatdagi to‘lov qarindoshining plastik kartasiga tushirilganida, u DXX va hamkor organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan inspektorga nisbatan Jinoyat kodeksining:

— 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (firibgarlik),

— 28, 211-moddasi 1-qismi (pora olishga suiqasd)

bandlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar